Turkiya Respublikasi Milliy Razvedka Tashkiloti rahabri Ibrahim Kalin Isroil, AQSh va Eronni o‘z ichiga olgan urush davom etgudek bo‘lsa unda voqea yanada kengroq global inqirozga aylanish xavfi borligi haqida ogohlantirdi.
Shanba kuni (28.03.2026) Istanbulda uyushtirilgan STRATCOM - 2026 sammitida so‘zga chiqqan Kalin: “Pandemiyadan buyon dunyomiz ko‘plab muhim bosqichlar, inqirozlar va uzilishlardan o‘tmoqda”, - dedi va 2022 - yili boshlangan Rusya - Ukrayna urushi yaqinda beshinchi yiliga kirgani ammo uning qanday yakunlanishi haligacha aniq emasligini ta’kidladi.
Kalın, shuningdek, Isroil tomonidan 2023 - yilning 7 - oktabri kuni G‘azoga qarshi boshlatilgan urush oqibatlari hali ham sezilayotganini ifoda etgan holda: “G‘azoda tinchlik o‘rnatish sa’y - harakatlari davom etayotgan bo‘lsa - da Isroilning qonunbuzarliklari, bosib olish va anneksiya siyosati uzluksiz davom etmoqda” - dedi.
Mintaqadagi vaziyat haqida gapirar ekan, Kalın o‘tgan yilning iyun oyida bo‘lib o‘tgan 12 kunlik Isroil – Eron urushi hozirgi Eron bilan bog‘liq mojaroning bir turdagi sinovi ekanini ifoda etdi va Turkiya urushning boshlanishini oldini olish hamda uning kengayishini to‘xtatish uchun faol diplomatik harakatlar olib borayotganini bildirdi.
Kalın: “Afsuski, Isroil boshlagan bu mintaqaviy urush tobora global inqirozga aylanishi va Prezidentimiz Rejep Tayyip Erdo‘g‘an ta’biri bilan aytganda, badalini 8 milliard inson to‘laydigan urushga aylanishi hozirda amaliy haqiqatga tez yaqinlashmoqda”, - dedi.
U yana: “Bizning barcha sa’y - harakatlarimiz, eng avvalo, bu urushni imkon qadar tezroq tugatishni ko‘zlaydi”, - dedi.
Turkiya hech qachon fitna oloviga o‘tin tashlagan tomon bo‘lmaydi
Kalın, mojaro mintaqadagi bo‘linishlarni chuqurlashtirishi mumkinligi haqida ham ogohlantirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra: “Bu urushning hisoblangan natijalaridan biri faqatgina Eronning yadroviy salohiyatini yo‘q qilish emas, balki bundan ham xavfliroq tarzda mintaqaning asosiy unsurlari bo‘lgan turklar, kurdlar, arablar va forslar o‘rtasida o‘nlab yillar davom etadigan birodar urushiga zamin yaratishdir”.
“Biz Turkiya sifatida hech qachon fitna oloviga o‘tin tashlagan tomon bo‘lmadik va bo‘lmaymiz”, - degan Kalın: “Kerak bo‘lsa, olov to‘pini qo‘limizga olib; ko‘ksimizda sovutamiz lekin uni hech qachon fitna oloviga tashlamaymiz”, - dedi.
Turkiya Razvedka Tashkiloti rahbari shuningdek, Eronga qarshi olib borilayotgan urushning xalqaro huquqda qonuniy asosi yo‘qligini ta’kidladi.
Ibrahim Kalin bunga qo‘shimcha ravishda, mintaqada bir tomonli qadamlar yaratish tashabbusiga qarshi ham ogohlantirib: “Bu urushni boshlaganlar faqatgina Eron bilan cheklanib qolmay; balki Livan, Suriya, Falastin hududlari va boshqa joylarda yangi yo‘q qilishlar, anneksiya va bosib olish siyosatlarini amalga oshirishga urinayotganini juda yaxshi bilamiz”, - dedi.
Kalin, Turkiya Falastin xalqining huquqlari e’tiborsiz qoldirilishiga yo‘l qo‘ymasligini ham qo‘shimcha qilib: “Falastin hududlarida ham bir tomonli qadamlar orqali falastinliklarning asosiy huquqlari tortib olinishi va G‘arbiy Sohil bilan G‘azoda yuz berayotgan buzilishlar e’tiborsiz qoldirilishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, - dedi.
U yana: “Albatta, Eronning Ko‘rfaz mamlakatlariga qarshi uyushtirgan hujumlarini qabul qilib bo‘lmaydi ammo bu urushni boshlagan asosiy aktyorni hech qachon unutmasligimiz kerak”, - deya gapirdi.
Ibrahim Kalin, Turkiya muzokaralarni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan diplomatik sa’y -harakatlarni; jumladan Pokistan tashabbuslarini qo‘llab - quvvatlashini ifoda etgan holda Isroil bu muloqot urinishlarini izdan chiqarayotganiga e’tibor qaratdi.
Yaqin Sharqdagi keskinlik 28 - fevraldan beri kuchayib bormoqda. Shu kuni AQSh va Isroil tomonidan Eronga qarshi qo‘shma hujumlar boshlangan bo‘lib, oqibatida 1340 nafardan ortiq inson halok bo‘ldi. Ular orasida mamlakatning ana shu paytdagi diniy lider Ali Hamaney ham bor edi.
Eron esa Isroil va AQSh harbiy bazalariga mezbonlik qilayotgan Ko‘rfaz davlatlariga qarshi insonsiz havo transportlari va raketa hujumlari orqali javob qaytardi.
Muloqot — ma’no - mazmun yaratish jarayonidir
Mojarolardan tashqari, Ibrahim Kalin, zamonaviy dunyo axborotga to‘lib ketgan bo‘lishiga qaramay haqiqatdan tobora uzoqlashayotganini o‘z so‘ziga ilova etdi.
Uning fikricha muloqot faqat ma’lumot va xabar uzatish emas balki ma’no yaratish, yo‘nalish berish jarayonidir: “Ilohiy xabarlar, vahiy shaklida kelgan muqaddas kitoblarning har biri aslida bir xabardir; ilohiy kommunikatsiya usulidir. Ammo ularning asosiy maqsadi — ma’no yaratish va hayotimizga yo‘l ko‘rsatishdir. Insonning muloqot qilishdagi asosiy maqsadi ham aynan ma’no yaratish va yo‘nalish berishdir. Demak, muloqot — bu ma’no yaratish, yo‘nalish belgilash va o‘z yo‘limizni topish jarayonidir”.
Kalin yana shunday dedi: “Agar siz bir narsaga nom bermasangiz, u sizniki emasdir. Nom bermagan hikoya, sizning hikoyangiz emasdir. Boshqalarning grammatikasidan foydalanib, o‘z so‘zlaringizni ishlatsangiz ham bu sizning tilingiz emasdir. Boshqalarning sintaksisi orqali siz o‘z so‘zlaringizni faqatgina charchatasiz”, - degan ifodalarga o‘rin berdi.















