Ommaviy axborot vositalarining yakshanba kungi xabariga koʻra, oʻtgan haftada Eron tomonidan yoʻllangan ballistik raketa zarbasi oqibatida Quvaytdagi AQSh aviabazasida toʻrt nafar amerikalik harbiy xizmatchi va uch nafar fuqarolik pudratchisi jarohatlangan. Ushbu hujum amerikaliklarning Eron janubiga uyushtirgan havo zarbasiga javoban amalga oshirilgan.
"CBS News" telekanalining xabar berishicha, jarohatlanganlarning barchasi yengil jarohat olgan va 24 soat ichida oʻz xizmat vazifalariga qaytgan.
Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IRGC) Quvaytdagi AQSh aviabazasini nishonga olganini tasdiqladi va buni Amerikaning Eron janubidagi Bandar-Abbos aeroporti yaqiniga uyushtirgan havo zarbasiga javob deb izohladi.
"Tasnim" axborot agentligi tarqatgan bayonotga koʻra, Inqilob muhofizlarining qarshi zarbasi mahalliy vaqt bilan soat 04:50 da (Grinvich boʻyicha 01:20) amalga oshirilgan. Bu hujum port shahri aeroporti yaqinida AQSh tomonidan uchirilgan raketalar (snaryadlar) zarbasidan bir necha soat oʻtib sodir boʻlgan.
Keyinchalik AQSh Markaziy qoʻmondonligi (CENTCOM) oʻz bayonotida Eron raketasi "Quvayt havo mudofaa kuchlari tomonidan muvaffaqiyatli urib tushirilgani"ni maʼlum qildi.
Mintaqadagi keskinlik joriy yilning 28-fevralida, AQSh va Isroilning Eronga uyushtirgan hujumlaridan soʻng eng yuqori nuqtaga chiqqan edi. Oʻshanda Eron bunga javoban mintaqa boʻylab turli obʼyektlarga dron va raketalar bilan zarbalar bergan hamda Ormuz boʻgʻozi orqali kemalar harakatini toʻsib qoʻygan edi.
Pokiston vositachiligida 8-apreldan boshlab otashkesim kuchga kirgan boʻlsa-da, Islomoboddagi muzokaralar yakunda doimiy tinchlik kelishuviga olib kelmadi.
Keyinchalik AQSh Prezidenti Donald Tramp oʻt ochishni toʻxtatish bitimini muddatsiz uzaytirdi. Biroq u strategik suv yoʻli orqali Eron portlariga qatnayotgan kemalar blokadasini saqlab qoldi va ayni paytda tinchlik bitimiga erishish yaqin ekanligini bot-bot taʼkidlab kelmoqda.


















