Turkiya Respublikasi Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan musulmon davlatlari xalqaro tizimning shakllanishiga hissa qo‘shishi kerakligini ta’kidladi. U Falastinni “eng muhim axloqiy mezon” deb atab, G‘azoga insonparvarlik yordamini yetkazish va mintaqani qayta tiklash uchun birgalikda harakat qilish zarurligini qayd etdi.
Fidan shanba kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan “Al Sharq Forum 2026” tadbirining ochilish marosimida so‘zlagan nutqida dunyo aholisining to‘rtdan biridan ko‘prog‘ini tashkil etuvchi musulmon davlatlar o‘nlab yillar davomida asosan boshqa hududlarda qabul qilingan qarorlarga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega ekanini bildirdi.
Ayniqsa, Sharqda yangi siyosiy, iqtisodiy va texnologik kuch markazlari shakllanayotganiga e’tibor qaratgan Fidan: “Bugun qabul qiladigan qarorlarimiz musulmon dunyosining kelajagini belgilashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi”, — dedi.
Turkiya “G‘azodagi genotsid va G‘arbiy Sohildagi ko‘chmanchilar terroriga” qarshi ekanini ta’kidlagan Fidan musulmon davlatlarni falastinliklarga insonparvarlik yordamini yetkazish va G‘azoni qayta tiklashda yetakchi rol o‘ynashga chaqirdi.
“Bu tinchlik faqat poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlati tashkil etilishini nazarda tutuvchi ikki davlat tamoyiliga asoslangan yechim orqali ta’minlanishi mumkin”, — dedi u.
Xavfsizlik masalalarida mintaqa davlatlari yetakchi rol o‘ynashi kerak
Fidan qabul qilingan qarorlarning oqibatlari bilan yashashga majbur bo‘lgan davlatlar ushbu qarorlarni shakllantirishda ham yetakchilik qilishi lozimligini ta’kidladi. U ushbu tamoyilni amalda qo‘llashga misol sifatida juma kuni vakillari Islomobodda uchrashgan Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston o‘rtasidagi mudofaa ittifoqini keltirdi.
Har bir davlat ittifoqqa o‘ziga xos imkoniyatlar va qimmatli tajribalarni olib kirishini qayd etgan Fidan, Makka ittifoqining institutsional salohiyati mustahkamlanib borgani sari boshqa mintaqa davlatlari ham unga qo‘shilishini kutayotganini bildirdi.
Fidan, shuningdek, mintaqaviy muammolarga birgalikda yechim topish maqsadida Turkiya, Misr, Pokiston va Saudiya Arabistonini birlashtirgan Mintaqaviy to‘rtlik tashabbusiga ham e’tibor qaratdi.
Hamkorlik faqat xavfsizlik masalalari bilan cheklanib qolmasligi kerakligini ta’kidlagan Fidan savdo - sotiq, iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, shuningdek, ilm - fan va texnologiya sohalaridagi hamkorlikni ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etdi.
Fidanning fikricha, yaqin hamkorlikdan ko‘zlangan maqsad davlatlarning xalqaro tizim faoliyatida o‘z so‘ziga ega bo‘lishini ta’minlashdir. U buning uchun adolat va qonuniylik tamoyillariga asoslangan, yanada inklyuziv hamda keng vakillikka ega xalqaro tartibni shakllantirish zarurligini ta’kidladi.














