Universitetning Yevrosiyo tadqiqot instituti tomonidan amalga oshirilgan «Markaziy Osiyoning tarixiy geografiyasi» loyihasi uch yillik tadqiqot jarayonidan so‘ng yakunlandi.
Loyiha natijalari va tayyorlangan ilmiy asarlar Olmaota shahrida tashkil etilgan xalqaro tadbir doirasida jamoatchilikka taqdim etildi.
Tadbirda Turkiyaning Ostonadagi elchisi Mustafa Kapuju, Ahmad Yassaviy universiteti Vasiylar kengashi raisi professor doktor Husayin Karaman, shuningdek, loyiha ustida ishlagan olimlar, akademiklar, universitet vakillari, talabalar va OAV xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimida Vasiylar kengashi raisi professor doktor Husayin Karaman loyihaning turkiy dunyo ilm - fani va madaniy merosi nuqtayi nazaridan ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi.
Ochilish nutqlaridan so‘ng loyiha doirasida tayyorlangan quyidagi monografiyalar hamda «Markaziy Osiyoning tarixiy geografiyasi atlasi»ning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi:
«IX–XV asrlarda Sharqiy Dashti Qipchoqning tarixiy geografiyasi (arab manbalari asosida)»;
«XVIII–XIX asrlarda Qozog‘iston (Qazaqia) va Markaziy Osiyoning tarixiy geografiyasi»;
«Markaziy Osiyoning tarixiy toponimlarining geografik asoslari»;
«Qozog‘istonning so‘nggi o‘rta asrlar davridagi shaharlari va manzilgohlari».
Yevrosiyo tadqiqot instituti direktori dotsent doktor Suat Beylur ham o‘z nutqida loyihaning amalga oshirilish jarayoni, maqsadlari va erishilgan ilmiy natijalar haqida ma’lumot berdi.
Bayonotda qayd etilishicha, 2023–2025-yillar davomida amalga oshirilgan loyiha doirasida Sharq va G‘arb manbalari asosida turkiy, arab, fors, xitoy, mo‘g‘ul, Yevropa va rus kartografiya an’analariga oid asarlar o‘rganilgan.
AQSh, Yevropa va Osiyo mamlakatlaridagi arxivlar, kutubxonalar hamda muzey fondlarida olib borilgan tadqiqotlar natijasida XI–XIX asrlarga oid 172 ta tarixiy xarita aniqlanib, tizimli ravishda kataloglashtirilgan.
Loyihaning e’tiborga molik natijalaridan yana biri interaktiv raqamli platforma bo‘ldi. Qozoq va ingliz tillarida yaratilgan ushbu platformada Turkiston mintaqasining XI–XIX asrlar oralig‘idagi tarixiy va siyosiy geografiyasi raqamli shaklda jamlangan.
Platformadan qariyb 40 ta davlat va siyosiy tuzilmaning chegaralaridagi o‘zgarishlar, 173 ta tarixiy xarita, qadimiy aholi manzilgohlari hamda karvon yo‘nalishlari o‘rin olgan.
Loyiha doirasida aniqlanib, ilmiy muomalaga kiritilgan muhim topilmalardan biri nemis millatiga mansub kartograf Anton Vid tomonidan 1542-yilda tayyorlangan va hozirda Germaniyaning Gersog Avgust kutubxonasida saqlanayotgan «Moscouia Quae & Alba Russia» nomli xaritadir.
«Qozoq xonligi» nomi («Kosaky Orda») Yevropa xaritalarida ilk bor aynan ushbu xaritada aks ettirilgan. Keyingi davrlarda esa «Qozoq xonligi» atamasi Sebastian Munster, Entoni Jenkinson va boshqa yevropalik kartograflarning asarlarida ham uchray boshlagan.














