Turkiya Sudanda davom etayotgan to‘qnashuvlardan jabr ko‘rgan aholiga yordam ko‘rsatish ishlarini davom ettirish niyatida 2 ming 600 tonna insonparvarlik yordami yuklangan oltinchi «Yaxshilik kemasi»ni safarga kuzatib qo‘ydi.
Mersin portidan yo‘lga chiqqan mazkur kema mamlakatning Favqulodda vaziyatlar va ofatlarni boshqarish boshqarmasi (AFAD) muvofiqligida, mahalliy hokimiyatlar, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda Qatar Taraqqiyot jamg‘armasi hamkorligida tayyorlandi.
AFAD rahbari Ali Hamza Pehlivan, Turkiya Sudandagi gumanitar inqirozga befarq emasligini ta’kidlab; avvalgi faoliyatlari doirasida 2024 - yili 5 ming 500 tonna yordam yetkazib berilgani, o‘tgan oyda esa uchta kema orqali 30 ming dona chodir yuborilganini ifoda etdi.
So‘nggi kema orqali oziq - ovqat mahsulotlari, shaxsiy gigiyena buyumlari, tibbiy anjomlar va boshpana uchun zarur materiallar yuborildi.
Pehlivan bayonotida shuningdek: «Sudanda ko‘chirilgan aholining boshpana ehtiyoji dekabr oyida tanqidiy darajaga yetganini inobatga olib, 7 - dekabrdan boshlab yaxshilik kemalarini jo‘nata boshladik. Shu doirada ketma - ket uchta kema yuborib, u yerdagi birodarlarimizning boshpana ehtiyojlarini qoplashga urindik», - degan ifodalarga o‘rin berdi.
Ali Hamza Pehlivan so‘zlari davomida, Turkiya G‘azoga ham insonparvarlik yordami yetkaib berishni davom etayotgani, yigirmanchi yordam kemasining kelasi hafta yo‘lga chiqishi rejalashtirilgani va hozirgacha taxminan 105 ming tonna yordam ashyosi yetkazib berilganini o‘z so‘ziga ilova etdi.
Sudan 2023 - yilning aprel oyidan beri armiya bilan paramilitar Tezkor qo‘llab - quvvatlash kuchlari (RSF) o‘rtasidagi qonli to‘qnashuv girdobida qolgan bo‘lib, mojaro minglab inson umriga zomin bo‘ldi. Bunga qo‘shimcha ravishda millionlab inson o‘z uy - joylarini tark etishiga majbur bo‘ldi.
Sudanning 18 shtatidan Darfur mintaqasidagi besh shtatning barchasi hozirda Tezkor qo‘llab - quvvatlash kuchlari (RSF) nazorati ostida; Shimoliy Darfurning shimolidagi ayrim hududlar esa haligacha armiya qo‘lida.
Sudan armiyasi poytaxt Xartumni ham o‘z ichiga olgan holda mamlakatning janubiy, shimoliy, sharqiy va markaziy hududlarida joylashgan 13 shtatning aksariyatida ustunlikni saqlab kelmoqda.

















