Moskva juma kuni bergan bayonotida, Yaqin Sharqdagi urush ta’minot yo‘llarini bo‘g‘ib qo‘ygan bir paytda, dunyo energiya bozori Rossiya neftisiz "barqaror qola olmasligini" ta’kidlab, Vashingtonni sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukraina urushi sababli Rossiyaga qo‘llangan ayrim neft sanksiyalarini yumshatdi. Bu holat Ukraina mojarosi beshinchi yiliga kirayotgan bir vaqtda Vashingtonni cheklovlarni davom ettirishga chaqirayotgan G‘arbdagi ittifoqchilarning e’tiroziga sabab bo‘ldi.
AQSH va Isroilning Eronga hujumlari hamda Tehronning Fors ko‘rfazidagi javob zarbalari strategik ahamiyatga ega Hormuz bo‘g‘ozidagi faoliyatni deyarli to‘xtatib qo‘ydi. Bu esa dunyo energiya va transport sohalarini ostin-ustun qilib yubordi. AQSH G‘aznachilik vazirligi payshanba kuni bergan bayonotida, davlatlar ta’minotni ko‘paytirish va narxlarni tushirishga urinayotgan bir vaqtda, dunyoning eng yirik neft ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan Rossiyaning dengizda qolib ketgan neftini sotishga vaqtincha ruxsat berilganini ma’lum qildi.
Neft narxlari shu hafta barreliga qariyb 120 dollarga ko‘tarilib, pandemiya davridan beri eng yuqori darajaga yetdi.
G7 davlatlarining qarshiligi
Rossiyaning iqtisodiy masalalar bo‘yicha vakili Kirill Dmitriyev juma kuni Vashingtonning ko‘proq sanksiyalarni bekor qilishi "tobora muqarrar" bo‘lib borayotganini aytdi. Dmitriyev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida: "Amerika Qo‘shma Shtatlari aslida ayon bo‘lgan haqiqatni tan olmoqda: Rossiya neftisiz global energiya bozori barqaror bo‘la olmaydi. Energiya inqirozi kuchayib borayotgan bir paytda, Bryussel byurokratiyasidagi ayrim kishilarning qarshiligiga qaramay, Rossiya energiya resurslariga qo‘yilgan cheklovlarning yanada yumshatilishi muqarrar ko‘rinmoqda", — deb yozdi.
Biroq, G7 (Katta yettilik) davlatlari guruhiga raislik qilayotgan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi Rossiyaga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilishni "hech qaysi jihatdan" oqlamasligini aytdi. Makron G7 yetakchilari bilan o‘tkazilgan video muloqotdan so‘ng: "Bizning umumiy fikrimiz shuki, Rossiya masalasidagi pozitsiyamizni o‘zgartirmasligimiz va Ukraina bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni davom ettirishimiz kerak", — deb ta’kidladi.
Rossiya neftiga berilgan ruxsat
AQSH G‘aznachilik vazirligi payshanba kuni yangi litsenziya e’lon qildi. Unga ko‘ra, 12-martdan avval kemalarga yuklangan Rossiya xom nefti va neft mahsulotlarini yetkazib berish va sotishga 11-aprelga qadar ruxsat berildi.
Ushbu qadam Vashington o‘tgan hafta dengizda qolib ketgan Rossiya neftining Hindistonga sotilishiga vaqtincha ruxsat berganidan so‘ng amalga oshirildi. G‘aznachilik vaziri Skott Bessent Hindistonga berilgan vakolat "tor doiradagi va qisqa muddatli chora" ekanini aytib, bu Rossiya hukumatiga sezilarli moliyaviy foyda keltirmasligini iddao qildi.
Dmitriyev shu haftaning boshida Florida shtatida AQSHlik muzokarachilar bilan "samarali uchrashuvda" qatnashganini aytdi. Bu Eron urushi boshlanganidan buyon Moskva va Vashington o‘rtasidagi birinchi bevosita muloqot sifatida qayd etildi.










