XEA: atigi 6 haftalik aviayoqilg‘i zaxirasi qolgan bo‘lishi mumkin
Fatih Birol Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan neft, gaz va boshqa muhim ta’minot yo‘llarining uzilishi oqibatida yuzaga kelgan vaziyatni «eng katta energetika inqirozi» sifatida baholadi.
Xalqaro energetika agentligi (XEA) rahbari Yevropada «atigi 6 haftalik aviayoqilg‘i zaxirasi qolgan bo‘lishi mumkinligini» aytib, agar Eron bilan urush tufayli neft yetkazib berishdagi uzilishlar davom etgudek bo‘lsa unda «yaqin orada» qatnovlar bekor qilinishi mumkinligi ustidan ogohlantirdi.
XEA Bosh direktori Fatih Birol payshanba kuni (16.04.2026) Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan neft, gaz va boshqa muhim ta’minot yo‘llarining uzilishi oqibatida yuzaga kelgan vaziyatni «biz duch kelayotgan eng katta energetika inqirozi» deb atab; uning global ta’siriga alohida e’tibor qaratdi.
«Avvallari Dire Straits (qiyin davrlar, og‘ir vaziyat) degan guruh bor edi, hozir esa Yevropa haqiqatdan ham og‘ir ahvolda. Bu global iqtisodiyotga katta ta’sir ko‘rsatadi. Qanchalik uzoq davom etsa, butun dunyo bo‘ylab iqtisodiy o‘sish va inflyatsiya uchun shunchalik yomon bo‘ladi», - dedi u.
Birolning ta’kidlashicha, bu ta’sirlar «yoqilg‘i narxlarining oshishi, tabiiy gaz narxlarining ko‘tarilishi va elektr energiyasi tariflarining yuqorilashi» ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Ayrim hududlar boshqalarga qaraganda ko‘proq ziyon ko‘radi.
U shuningdek: «Eng oldingi zarbani Yaqin Sharqdan energiya oladigan Osiyo davlatlari qabul qiladi» - der ekan unga Yaponiya, Koreya, Hindiston, Xitoy, Pokiston hamda Bangladeshni misol qilib ko‘rsatdi.
Parijdagi ofisida nutq so‘zlagan Birol: «Keyin bu ta’sir Yevropa va Amerikaga yetib boradi» - degan ifodalarga ham o‘rin berdi.
XEA rahbari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qayta ochilmasa unda Yevropada «yaqin orada A shahridan B shahriga ayrim parvozlar yoqilg‘i yetishmasligi sabab bekor qilinayotgani haqidagi xabarlarni eshitishimiz mumkin» - dedi.
AQSh esa 28 - fevralda boshlangan urushni yakunlashga qaratilgan va hafta oxiri Pokistonda Vashington bilan Tehron o‘rtasida o‘tkazilgan kamyob to‘g‘ridan - to‘g‘ri muzokaralar kelishuvsiz yakunlanishi ortidan Eron portlariga nisbatan dengiz blokadasini joriy qilgandi.