Kreml tomonidan tarqatilgan tasvirlarga ko‘ra Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin atom energiyasi bilan harakatlanuvchi yangi suvosti kemasini taqdim etdi. Shuningdek, Rossiya 2030 - yilga qadar Harbiy - dengiz floti tarkibiga yana beshta suvosti kemasini qo‘shishini ma’lum qildi.
Putin mamlakatning shimoli - g‘arbida joylashgan Severodvinsk shahridagi “Sevmash” kemasozlik zavodida “Perm” nomli suvosti kemasida o‘tkazilgan bayroq ko‘tarish marosimida ishtirok etdi. Shu tariqa, suvosti kemasi rasman Harbiy - dengiz floti ixtiyoriga topshirildi.
Mavzu haqida juma kuni berilgan bayonotida Putin: “Rossiya global miqyosdagi masofa va ahamiyatga ega qurollarni, jumladan, bunday qudratli atom suvosti kemalarini ishlab chiqara oladigan dunyodagi sanoqli davlatlardan biridir”, — dedi.
Atom energiyasi bilan harakatlanuvchi suvosti kemalari Rossiya Harbiy - dengiz floti qurol - yarog‘ arsenalining bir qismi bo‘lib, uzoq vaqt davomida suv ostida qolish imkoniyatiga ega. “Perm” ham mansub bo‘lgan “Yasen - M” sinfidagi suvosti kemalari turli xil qanotli raketalarni olib yurishi mumkin.
Putinning ta’kidlashicha, 2030 - yilga qadar Harbiy - dengiz floti tarkibiga yana beshta suvosti kemasi qo‘shiladi. Ulardan uchtasi “Perm” bilan bir xil “Yasen - M” sinfiga mansub bo‘ladi.
Putin, shuningdek, turli xil qanotli raketalar bilan jihozlangan ushbu suvosti kemalari “dunyo okeanining istalgan nuqtasida” vazifalarni bajarishi mumkinligini qayd etdi. Bundan tashqari, u Harbiy - dengiz flotini rivojlantirishni qo‘llab - quvvatlash maqsadida korxonalar va boshqa soha vakillarini hamkorlikka chaqirdi.














