G'AZODA URUSH
3 daqiqa o'qish
Falastinlik rassomlar devorga Uattaraning rasmini chizdi
Falastinlik rassomlar «Beshiktosh» futbol jamoasi a'zosi Uattaraga, devorga rasmini chizish orqali minnatdorchilik bildirdi.
Falastinlik rassomlar devorga Uattaraning rasmini chizdi
_
 

G‘azo shahrining shimoliy qismida, Isroil tomonidan vayron qilingan binolardan birining xarobalari ustida falastinlik rassomlar Turkiyaning «Shafqat Eli» xayriya tashkiloti ko‘magida «Beshiktosh» futbol klubi futbolchisi Kassum Uattaraning falastinliklar bilan birdamligi hamda ular boshdan kechirayotgan azob - uqubatlarga befarq qarab turolmasligini aks ettiruvchi devoriy surat yaratdi.

Shayx Ridvon mahallasida, vayron bo‘lgan binolar xarobalari orasidagi qiyshaygan beton blok ustiga surat chizgan rassomlar Uattarani Turkiyaning «Beshiktosh» futbol klubi emblemasi bilan birga tasvirladi. Surat fonida esa Falastin va Turkiya bayroqlari aks ettirildi.

Devoriy suratda Uattara bir qo‘li bilan og‘zini berkitgan, ikkinchi qo‘lining barmoqlari bilan esa boshining yon tomonini ko‘rsatib turibdi. Bu holat qamal ostidagi G‘azoda falastinliklarga nisbatan sodir etilayotgan genotsidga qarshi sukut saqlashni rad etish ramzi hisoblanadi.

Turkiyaning xayriya tashkiloti ko‘ngillilari, falastinlik bolalar va mahalliy aholi vakillari devoriy surat atrofida jamlandi. Shu bilan birga, atrofdagi vayron bo‘lgan binolar ustida Falastin va Turkiya bayroqlari hilpiratildi.

Bolalar, shuningdek, «Beshiktosh» klubi emblemasi tushirilgan, Uattaraning falastinliklarni qo‘llab - quvvatlagani uchun minnatdorlik va tashakkur izhor etilgan bannerlarni ko‘tarib chiqdi.

Falastin xalqi bilan birdamlik

Ushbu tashabbus Uattaraning «Beshiktosh» va Isroilning «Hapoel Be’er Sheva» klublari o‘rtasidagi uchrashuvda namoyon etgan birdamlik ishorasiga javoban bildirilgan minnatdorlik ifodasidir. O‘shanda Uattara Falastin bayrog‘ini ko‘tarib, falastinliklar boshdan kechirayotgan azob - uqubatlarga nisbatan sukut saqlashni rad etishini namoyish etgan edi.

Uattaraning bu harakati falastinliklar orasida katta aks - sado berdi. Ular futbolchining ushbu qadamini Isroil tomonidan davom ettirilayotgan genotsidga qarshi o‘zlari bilan birdamlik bildirish ramzi sifatida baholadi.

G‘azodagi «Shafqat Eli» tashkiloti direktori Muhammad Yunus Anado‘lu agentligiga bergan intervyusida, ushbu tashabbus «Beshiktosh» klubi va Uattaraga falastinliklar bilan birdamlik ko‘rsatganlari uchun minnatdorlik bildirish maqsadida amalga oshirilganini ta’kidladi.

«Biz va G‘azo bolalari ularga: ‘Sizga rahmat!’ deymiz. Sizning pozitsiyangiz va qo‘llab -quvvatlashingizni yuqori baxolaymiz», — dedi Yunus.

Uning aytishicha, tashkilot falastinlik rassomlarning Uattara portreti va uning klubi emblemasini devorga chizishiga ko‘maklashgan. Shu tariqa, devoriy surat futbolchining tutgan pozitsiyasiga nisbatan minnatdorchilik va ehtirom ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.

Yunus, shuningdek, Falastin xalqini muntazam qo‘llab - quvvatlab kelayotgani uchun Turkiya, uning rahbariyati va xalqiga, shuningdek, Falastin bayrog‘ining ko‘tarilishiga hissa qo‘shayotgan hamda adolatsizlikka qarshi turgan barcha insonlarga minnatdorlik bildirdi.

Isroil 2023 - yilning oktabr oyidan buyon G‘azo sektorida genotsid siyosatini olib bormoqda. Bu davrda aksariyati ayollar va bolalardan iborat 74 ming nafardan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, 176 ming nafardan ziyodi yaralandi. Mintaqa infratuzilmasining qariyb 90 foizi vayron qilindi.

Tahlilchilar Isroilning G‘azodagi genotsidi oqibatida halok bo‘lganlarning haqiqiy soni 200 ming nafar insonga yetishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Ayni paytda mintaqa hududining 60 – 70 foizi Isroil bosqini ostida qolmoqda.