Afg‘onistonning shimoli - sharqidagi Kunar viloyatida o‘rta maktab yaqinida sodir bo‘lgan portlash oqibatida kamida yetti nafar o‘quvchi halok bo‘ldi, 97 nafari esa yaralandi.
Afg‘oniston hukumati matbuot kotibining ma’lum qilishicha tekshiruvchilar portlash manbai sifatida maktab yaqinida joylashgan, konchilik kompaniyalari portlovchi moddalarni saqlaydigan omborni aniqlagan.
Kunar viloyati Axborot va madaniyat boshqarmasi rahbari Samiul Haq Haq Bayonning ta’kidlashicha, portlovchi moddalar maktabning bevosita yonidagi uyda saqlangan. Ulardan konchilik ishlari hamda Kunar – Nuriston avtomobil yo‘lidagi qurilish faoliyatida foydalanilgan.
“Hurriyat” radiosining Bayon bayonotlariga tayanib xabar berishicha yaralanganlarning katta qismi Nangarhor viloyat shifoxonasiga olib ketilgan.
Portlash oqibatida atrofdagi ayrim turar joylarga ham ziyon yetgani ma’lum qilindi.














