DUNYO
1 daqiqa o'qish
Eron AQSHning yuk kemasini egallashini qoraladi
Tehron milliy manfaatlarini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarini ishga soladi
Eron AQSHning yuk kemasini egallashini qoraladi
2026-yil 20-aprelda Arab dengizida tortib olingan Eron bayrog‘i ostidagi M/V Touska yuk kemasi yaqinida AQSh kuchlari patrul qilmoqda. / Reuters

Eron Tashqi ishlar vazirligi, AQSH kuchlarining Eron portlariga nisbatan qo‘llanilgan qamalni buzishga uringani da’vo qilingan yuk kemasini qo‘lga olganini keskin qoraladi.

Vazirlik seshanba kuni bergan bayonotida: "Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, AQSHning 'terrorchi armiyasi' yakshanba kuni Eronning 'Tuska' (Touska) savdo kemasiga nisbatan amalga oshirgan g‘ayriqonuniy va zo‘ravonlikka boy hujumini qattiq qoralaydi", degan so‘zlarga o‘rin berdi.

Bayonotda ushbu hodisa "dengiz qaroqchiligi va terrorchilik harakatining bir turi" deb baholanib, bu holat xalqaro huquq me’yorlari bilan bir qatorda, AQSH bilan 7-aprelda boshlangan ikki haftalik sulh kelishuvini ham buzgani qayd etildi.

Vazirlik Eron bayrog‘i ostidagi kemani, shuningdek, kemadagi ekipaj a’zolari va ularning oilalarini zudlik bilan ozod qilishni talab qildi.

Bayonotda: "Shubhasiz, Eron Islom Respublikasi milliy manfaatlarini va xavfsizligini himoya qilish, eronliklarning huquqlari va qadr-qimmatini saqlash uchun barcha imkoniyatlarini ishga soladi", deb aytildi va "vaziyatning yanada keskinlashuvi" uchun mas’uliyat AQSH zimmasida bo‘lishi ta’kidlandi.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) yakshanba kuni bergan bayonotida, AQSH dengiz kuchlari qamal buyruqlariga bo‘ysunishdan bosh tortgan Eron bayrog‘i ostidagi "Tuska" yuk kemasini Ummon ko‘rfazida qo‘lga olganini ma’lum qilgan edi.

CENTCOM dushanba kuni qo‘shimcha qilishicha, Eron portlariga qarshi dengiz qamali 13-aprelda boshlanganidan beri Amerika kuchlari 27 ta savdo kemasini kelgan yo‘nalishiga qaytishga yoki Eronning biror portiga qaytib ketishga majbur qilgan.