Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari tun davomida Moskva viloyati tomon yo‘nalgan yuzlab insonsiz havo transportlari yoki dronlarni urib tushirganini ma’lum qildi.
Moskva meri Sergey Sobyanin davlat tomonidan qo‘llab - quvvatlangan Max platformasidagi sahifasida juma oqshomidan shanba tongiga qadar Moskva viloyati tomon 460 dan ortiq dron yaqinlashganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari ularning aksariyatini Moskvadan ancha uzoqda urib tushirgan, poytaxtga yaqinlashgan 123 ta dronni esa yo‘q qilgan.
Rossiya va Ukraina urushning beshinchi yiliga qadam qo‘yar ekan, so‘nggi oylarda dronlar va boshqa vositalar yordamida amalga oshirilayotgan hujumlarni kuchaytirdi.
Ogohlantirishlar va javob zarbalari
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy payshanba kuni qilgan bayonotida Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida shu hafta ikkinchi bor ogohlantirdi.
Zelenskiy kechasi e’lon qilgan videomurojaatida: «Afsuski, Rossiya yangi va keng ko‘lamli hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida ma’lumotlarga egamiz», — dedi. Shuningdek, u ittifoqchilar bilan qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berish bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar yuzasidan Ukraina Tashqi ishlar vazirligining hisobotini kutayotganini bildirdi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp payshanba kuni bergan bayonotida, o‘tgan hafta Xitoyda bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putindan Yevropaga qarshi «barcha harbiy tajovuzkor harakatlarni to‘xtatishni» so‘raganini ma’lum qildi.
Putinni do‘sti deb atagan Tramp, bu talab urushni yakunlash bo‘yicha kelishuvga erishishga yordam berishi mumkinligiga ishonishini bildirdi.
AQSh vakili Jared Kushner ham mojaroning yanada keskinlashishi mumkinligidan ogohlantirib, mavjud vaziyatni «Yevropa Rossiyaga qarshi Ukrainani moliyalashtirayotgan va qurollantirayotgan vositachilik urushi» - deb ta’rifladi.














